...

Orqaga qaytish

10 yoshli shaxmatchiga Prezident sovg‘asi – eng zamonaviy shaxmat dasturlari jamlangan kompyuter sovg‘a qilindi

10 yoshli shaxmatchiga Prezident sovg‘asi – eng zamonaviy shaxmat dasturlari jamlangan kompyuter sovg‘a qilindi

Xabaringiz bor, shu yil 14 may kuni davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga tashrif buyurib, bu yerda davolanayotgan bolalar bilan suhbatlashgan, ularning ota-onalariga dalda bergan edi. Tashrif doirasida bolajonlar Prezidentimiz bilan suhbatda o‘z qiziqishlari bilan o‘rtoqlashgan, ulardan biri, farg‘onalik Saidjon Salimjonov shaxmatga qiziqishi haqida maʼlum qilgandi.

Saidjon Salimjonov ayni paytda Farg‘ona shahridagi 28-sonli umumtaʼlim maktabining 3-“A” sinfi o‘quvchisi sanaladi. U darslardan bo‘sh vaqtida shaxmat bilan shug‘ullanib turadi va kelajakda professional shaxmatchi bo‘lishni orzu qiladi.

Saidjonning onasi Mahliyoxon Ziyoyevaning aytishicha, o‘g‘li kichkinaligidan shaxmatga qiziqadi. U Farg‘onada ochilgan Toshkent Xalqaro shaxmat akademiyasining filialida o‘z yosh toifasida tahsil olib kelmoqda. Murabbiyi Ravil Vinerovich rahbarligida bir qator musobaqalarda qatnashib, shahar va viloyat bosqichlarida g‘oliblikni ham qo‘lga kiritdi. Hozirda S.Salimjonov Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida davolanmoqda. Shifokorlar tomonidan unga jigar xavfli o‘smasi tashhisi qo‘yilgan.

Yodingizda bo‘lsa, 15 may kuni Saidjonga yurtboshimiz nomlaridan professional shaxmat doskasi sovg‘a qilingan, shuningdek shaxmat bo‘yicha murabbiy ham biriktirilgandi. Bugun esa ushbu yurtdoshimizga Prezident sovg‘asi – shaxmat bo‘yicha eng so‘nggi va zamonaviy dasturlar jamlangan kompyuter ham sovg‘a qilindi.

“Endi sevimli mashg‘ulotim shaxmat bilan yana-da jiddiy shug‘ullanib, Osiyo va Jahon chempionatlarida O‘zbekiston bayrog‘ini baland ko‘tarishga harakat qilaman”, - dedi Saidjon o‘z quvonchlarini biz bilan bo‘lishar ekan.

Markazda davolanayotganlar orasida shaxmatga qiziqadigan bolalar ko‘pchilikni tashkil qiladi. Shuni inobatga olgan holda Turizm va sport vazirligi nomidan vazir o‘rinbosari Avazjon Karimov bu yerda davolanayotgan boshqa bemorlarga ham shaxmat anjomlarini tarqatdi.

Umid qilamizki, bu yoshlar shaxmat bilan shug‘ullanish orqali o‘z aqliy zakovatini yana-da o‘stirib, tafakkurini boyitadi. Ehtimol ularning orasidan Osiyo va Jahon chempionlari yetishib chiqmas, biroq ular teran fikrlaydigan va murakkab vaziyatlarda to‘g‘ri, oqilona qaror qabul qiladigan yigit-qiz bo‘lib ulg‘ayishi jamiyatimizning bosh maqsadidir.