...

Orqaga qaytish

“Sog‘lom turmush tarzi” (1hls.uz) platformasi orqali yurtdoshlarimiz iyun oyida qancha mablag‘ga ega bo‘lishdi?

“Sog‘lom turmush tarzi” (1hls.uz) platformasi orqali yurtdoshlarimiz iyun oyida qancha mablag‘ga ega bo‘lishdi?

Xabaringiz bor, shu yil 10 maydan boshlab yurtdoshlarimiz orasida yurish va yugurishni keng targ‘ib qilishga qaratilgan “Sog‘lom turmush tarzi” (1hls.uz) platformasi test rejimida ishga tushirilgan bo‘lsa, 1 iyundan boshlab rasman faoliyat ko‘rsatishni boshladi.


Kezi kelganda ta’kidlash kerak, yurtdoshlarimiz orasida platformaga haligacha ishonchsizlik bilan qarayotganlar ham yo‘q emas. Biroq, shubha-gumonlarga borishingiz o‘rinsiz, “Sog‘lom turmush tarzi” (1hls.uz) platformasi ishlamoqda va u orqali O‘zbekiston Respublikasining 18 yoshdan oshgan fuqarolari allaqachon iyun oyi yakunlariga ko‘ra o‘zlariga tegishli mukofot pullarini qo‘lga kiritib ulgurishdi.


Darvoqe, platformadan respublikamiz bo‘yicha tumanlar kesimida 203ta g‘olib aniqlandi. Afsuski uchta tuman aholisi umuman platformadan ro‘yxatdan o‘tmagan yoki undan samarali foydalanishmagan. Umumiy hisobda platformadan 27 482 nafar yurtdoshimiz ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, shundan 20 774 nafari erkaklar, 6 658 nafari esa ayollardir. Xolbuki, O‘zbekistonda 18 va undan yuqori yoshdagi fuqarolar soni 21 475 989 nafarni tashkil qiladi.


2021 yilning iyun oyi yakunlariga ko‘ra, Toshkent shahar Yunusobod tumanida istiqomat qiluvchi Timur Rafikovich Axmadullin g‘olib deb topildi va 1 million so‘m miqdoridagi pul mukofotini qo‘lga kiritdi. Darvoqe, Axmadullin nafaqat Respublika, balki tuman va hudud kesimida ham g‘olib chiqqanligi bois, o‘zining elektron hamyonini 1 million 800 ming so‘mdan ko‘proqqa boyitib oldi. Buning uchun u iyun oyi davomida jami 890 947 qadam masofani piyoda bosib o‘tishiga to‘g‘ri keldi.


Umumiy hisobda iyun oyida “Sog‘lom turmush tarzi” (1hls.uz) platformasining tuman, hudud va Respublika bosqichi g‘oliblariga 68 million 900 ming so‘m miqdoridagi mablag‘ mukofot tarzida to‘lab berildi. Shundan 60 900 000 so‘m 203ta tuman bosqichi g‘oliblariga, 7 000 000 so‘m Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hududlari g‘oliblariga hamda yana 1 million Respublika miqyosida eng ko‘p yurgan yurtdoshimizga mukofot tariqasida to‘lab berildi.


Quyidagi jadval orqali joriy yil iyun oyi davomida tumanlar, hududlar va Respublika kesimida g‘olib bo‘lgan yurtdoshlarimiz bilan tanishishingiz mumkin: