...

Orqaga qaytish

Hamyurtlarimiz FIDE Jahon kubogi-2021da ishtirok etishmoqda, boshlanishi chakki emas…

Hamyurtlarimiz FIDE Jahon kubogi-2021da ishtirok etishmoqda, boshlanishi chakki emas…

Avval xabar berganimizdek, shu kunlarda Rossiya Federatsiyasining Sochi shahrida shaxmat bo‘yicha FIDE Jahon kubogi bahslari bo‘lib o‘tmoqda. Quvonarlisi, unda O‘zbekiston sharafini naqd 7 nafar (5 nafar erkak, 2 nafar ayol) iqtidorli shaxmatchimiz himoya qilishyapti.


Kecha start berilgan dastlabki kungi o‘yinlar vakillarimiz uchun omadli keldi. Jumladan, erkaklar o‘rtasidagi musobaqalarda Jahongir Vohidov, Shamsiddin Vohidov hamda Nodirbek Yoqubboyevlar o‘z o‘yinlarini g‘alaba bilan yakunlashgan bo‘lsa, o‘smirlar o‘rtasida Jahon chempioni Javohir Sindorov esa durang o‘ynadi.


Eng iqtidorli shaxmatchilarimizdan bo‘lmish Nodirbek Abdusattorov esa raqibi kelmaganligi sababli to‘g‘ridan-to‘g‘ri keyingi bosqichga yo‘l oldi.


Qizlarimiz ham hozircha mag‘lub bo‘lishgani yo‘q. Xususan, Nilufar Yoqubboyeva hamda Umida Omonova 1-davradagi ilk o‘yinlarida durangga erishdi. Yoqubboyeva perulik Deysi Kori Telio bilan, Omonova esa o‘zidan reytingi ancha yuqori bo‘lgan Mongoliya terma jamoasi a‘zosi Batxi Mongontuul bilan murosa ko‘chasini tanladi.