OMMAVIY OFERTA

1hls.uz “Sog‘lom turmush tarzi” platformasining mobil ilovasidan

foydalanish to‘g‘risida

Toshkent sh.                                                                                               “25” may 2021 y.

 

1.                 Ushbu ommaviy oferta (keyingi o‘rinlarda - Oferta deb yuritiladi) O‘zbekiston Respublikasi Turizm va sport vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi va Moliya vazirligi (keyingi o‘rinlarda - Davlat boshqaruv organlari deb yuritiladi)ning Nizomlari (Ustav) asosida faoliyat yurituvchi rahbarlari (A. Karimov, A. Xadjibayev, T. Ishmetov) bir tomondan ushbu Oferta bilan belgilangan shartlar asosida O‘zbekiston Respublikasi hududida istiqomat qiluvchi 18 va undan yuqori yoshdagi jismoniy shaxslar, shu jumladan fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning (keyingi o‘rinlarda - Fuqaro deb yuritiladi) “Sog‘lom turmush tarzi” platformasining mobil ilovasidan (keyingi o‘rinlarda - Platforma deb yuritiladi) foydalanishlari yuzasidan rasmiy ommaviy taklif hisoblanadi.

2.                 Platformadan foydalanadigan Fuqaro tomonidan Oferta shartlari hamda Platformadan foydalanish qoidalari (keyingi o‘rinlarda – Qoidalar) bilan to‘liq tanishganligini va bu bo‘yicha o‘z roziligini bildirish hisoblanadi.

3.                 Atama va tushunchalar:

akkaunt – Platforma foydalanuvchisining ro‘yxatdan o‘tgan qisqacha nomi;

taraflar – Jismoniy shaxs va Davlat boshqaruv organlari;

jismoniy shaxsning shaxsiy kabineti – ro‘yxatdan o‘tgan Platforma foylananuvchisining sahifasi;

ro‘yxatdan o‘tish – Platforma foydalanuvchisini antropometrik maʼlumotlarini taqdim etish, identifikatsiyalash va u to‘g‘risidagi shaxsiy maʼlumotlarini qayta ishlash uchun mo‘ljallangan identifikatsiya tizimi;

to‘lov – kunlik hamda oylik jismoniy meʼyorlarni bajargan foydalanuvchilarga to‘langan pul mablag‘lari;

nizom – Platformada taraflar o‘rtasidagi o‘zaro to‘lovlar tartibini belgilovchi qoidalar majmui (https://lex.uz/pdfs/5398704 manzilida joylashtirilgan);

elektron hamyon – foydalanuvchining shaxsiy kabinetida elektron pul mablag‘lari saqlanadigan va ulardan foydalanish imkonini beradigan dasturiy taʼminot;

foydalanuvchi – Platformaning identifikatsiya tizimidan ro‘yxatdan o‘tgan jismoniy shaxs.

4.                 Ofertaning predmeti:

Davlat boshqaruv organlari tomonidan quyidagilar amalga oshiriladi:

4.1 O‘zbekiston hududida Platformadan foydalangan holda, bir sutka davomida, o‘n ming va undan ortiq qadam yurgan foydalanuvchining Platformadagi elektron hamyoniga uch ming so‘mdan pul mablag‘lari o‘tkazilishi;

4.2 Kunlik yig‘indisiga ko‘ra (4.1 bandga asosan), har oyda har bir tuman (shahar) bo‘yicha eng ko‘p yurgan foydalanuvchiga uch yuz ming so‘mdan pul mablag‘lari Platformadagi elektron hamyoniga o‘tkazilishi;

4.3 Kunlik yig‘indisiga ko‘ra (4.1 bandga asosan), har oyda har bir hudud (respublikaning 14 subyektlari) bo‘yicha eng ko‘p yurgan foydalanuvchiga besh yuz ming so‘mdan pul mablag‘lari Platformadagi elektron hamyoniga o‘tkazilishi;

4.4 Kunlik yig‘indisiga ko‘ra (4.1 bandga asosan), har oyda respublika bo‘yicha eng ko‘p yurgan shaxsga bir million so‘mdan pul mablag‘lari qo‘shimcha ravishda Platformadagi elektron hamyoniga o‘tkazilishi.

5. Platforma orqali pul mablag‘larini foydalanuvchining elektron hamyoniga qadar kelib tushishi nizomda belgilangan talablarga muvofiq amalga oshiriladi.

6. Foydalanuvchi elektron hamyoniga kirim qilingan mablag‘larni milliy valyutadagi ixtiyoriy bank kartasiga o‘tkazish imkoniyatiga ega. Elektron hamyondan pul mablag‘larini bank kartasiga Platforma orqali o‘tkazish o‘tkazma summasidan 1% miqdoridagi komission haq evaziga amalga oshiriladi.

7. O‘zbekiston Respublikasining “Elektron hujjat aylanishi to‘g‘risida”gi Qonuniga muvofiq, foydalanuvchi va Davlat boshqaruv organlari ushbu Ofertani qog‘oz hujjatga tenglashtiradilar va u bilan bir xil yuridik kuchga ega bo‘lishiga kelishadilar.

8. Platforma negizidagi xizmatlar qonuniylik, oshkoralik, xolislik, adolatlilik, tenglik va shaffoflik prinsiplariga asoslanadi.

9. Platformadan foydalanish hududi: O‘zbekiston Respublikasi. Platformani O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqarida foydalangan foydalanuvchilarni Davlat boshqaruv organlari tomonidan ogohlantirilmagan holda foydalanishdan cheklashlar amalga oshiriladi.

10. Asosiy shartlar.

Ushbu bilan foydalanuvchi hamda Davlat boshqaruv organlari orasida bevosita yoki bilvosita yuzaga keladigan moliyaviy, huquqiy, texnik va boshqa oqibatlar uchun javobgarliklar ko‘rsatiladi.

 

Davlat boshqaruv organlari:

10.1. Platformani doimiy ravishda haqqoniy va faol ishlab turishi, undan ro‘yxatdan o‘tish va foydalanuvchining shaxsiy kabinetidan to‘laqonli foydalanishiga, shuningdek, uning texnik qo‘llab-quvvatlanishiga Turizm va sport vazirligi javobgar hisoblanishadi.

10.2 Foydalanuvchilarning platformadagi elektron hamyoniga uch ming so‘mdan, har oyda har bir tuman (shahar) bo‘yicha eng ko‘p yurgan shaxsga uch yuz ming so‘mdan, har bir hudud bo‘yicha eng ko‘p yurgan shaxsga besh yuz ming so‘m, respublika bo‘yicha eng ko‘p yurgan shaxsga bir million so‘m pul mablag‘lari qo‘shimcha ravishda Platformadagi elektron hamyoniga o‘tkazilishi bilan bog‘liq to‘lovlarni moliyalashtirishga Moliya vazirligi javobgar hisoblanadi.

10.3 Platformadan foydalanish shartlarini buzgan foydalanuvchining ishtirokiga cheklovlar o‘rnatish, uni takomillashtirish, shuningdek, ular to‘g‘risidagi maʼlumotlarni tahlil qilish, tuzilgan reytinglar shaffofligi va oshkoraligini nazorat qilishga Turizm va sport vazirligi javobgar hisoblanadi.

10.4 Platformada antropometrik ko‘rsatkichlarini (semizlik darajasini, vazn indeksini), ovqatlarni Platformada nomlanishi va ularning (issiqlik miqdori, Kkal) energiyasi hamda boshqa maʼlumotlarning ishonchliligi hamda shaffofligiga Sog‘liqni saqlash vazirligi javobgar hisoblanadi.

 

Foydalanuvchi:

10.5 Fuqaro Platformaga noqonuniy tarzda kiberhujum, kiber firibgarlik yoki axborot xavfsizligiga daxldor tahdidlarni amalga oshirilishida gumondor yoki ishtirokchi bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga ko‘ra javobgarlikka tortiladi.

10.6 Platformadan foydalanib, pul mablag‘lari o‘tkazmalarida joiz bo‘lmagan va bilmagan holdagi hatti-harakatidan yuzaga kelgan noto‘g‘ri o‘tkazmalarga shaxsan javobgar.

10.7 Foydalanuvchi tomonidan Platformadagi tegishli bo‘lgan katakchalarni to‘ldirilishidagi (shaxsiy maʼlumot, antropometrik va b.sh.) xatoliklarga, ularni ataylab uchinchi shaxsga tarqatilishiga hamda saqlash qoidalariga shaxsan javobgar.

10.8 Foydalanuvchining Platforma joriy etilgan mobil qurilmasini ikkinchi shaxsga topshirish orqali noqonuniy holda daromad olish O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligiga ko‘ra javobgarlikka tortiladi.

10.9 Platformadan foydalangan holda, har bir foydalanuvchining kun yakuniga qadar bosilgan qadamlari bo‘yicha aniq maʼlumotlarni Android operatsion tizimida ishlaydigan qurilmalar uchun“Google Fit” va iOS operatsion tizimida ishlaydigan qurilmalar uchun “Health” mobil ilovasidan olingan maʼlumotlarga ko‘ra shakillantiriladi va sinxronizatsiya davridagi aniq vaqtga ko‘ra hisobot olinadi. Shunga ko‘ra, foydalanuvchi Platformani sinxronizatsiya qilish davrida yangilash tugmasini bosgan taqdirdagina aniq bosilgan qadamlarni ko‘rib borish va hisoblash hamda pul o‘tkazmalarini amalga oshirilishi ko‘rib chiqiladi.

10.10 Fuqaroning mobil qurilmasi va mobil qurilmasining operatsion tizimi Platformani hamda “Google Fit” mobil ilovasini to‘laqonli funksional jihatdan qo‘llab-quvvatlamasa, Platformadan to‘liq foydalanish imkoniyati berilmasligi hamda rag‘batlantirish uchun mo‘ljallangan pul mablag‘lari o‘tkazilmasligi mumkin.

10.11 Platformadan foydalanishda foydalanuvchining mobil qurilmasi nosoz ishlagan yoki elektr manbaisiz qolganda hamda internet tarmog‘isiz (internetdan foydalanish uchun to‘lovlar amalga oshirilmay o‘chirilgan taqdirda yoki internet, tarmoq doirasidan tashqari bo‘lib qolgan davrda) qolgan vaqtdan boshlab, keyingi kunlarda kirgan taqdirida, o‘tgan vaqtdagi bosilgan qadamlarni sinxronizatsiyasi amalga oshirilishi mumkin, biroq rag‘batlantirish uchun mo‘ljallangan pul miqdori Davlat boshqaruvi organlari tomonidan amalga oshirilmaydi.

10.12 Rasmiy bayram va haftaning (shanba, yakshanba) kunlarida, Platformadan foydalangan holda, 10 ming va undan ziyod qadam bosgan hamda reyting asosida birinchi o‘rin egallagan fuqarolarga pul o‘tkazmalari ish kunida (boshqa kunda) o‘tkazib beriladi.

11. Ushbu band bilan Jismoniy shaxs hamda Davlat boshqaruv organlari o‘rtasida bevosita yoki bilvosita yuzaga keladigan huquq va majburiyatlari ko‘rsatiladi:

 

Davlat boshqaruv organlarining huquqlari:

11.1.1 Foydalanuvchilarning yurgan qadamlari bo‘yicha baholash va antropometrik maʼlumotlarini tahlil qilish uchun Turizm va sport vazirligi va Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan birgalikda ko‘rib borish funksionali taqdim etiladi. Shu bilan foydalanuvchilarning Platformadan g‘ayriqonuniy ravishda pul mablag‘larini o‘zlashtirayotkanlari, mazkur ofertani talablari buzilishi va axborot xavfsizligi jixatlari nazorat ostiga olinadi.

Foydalanuvchining huquqlari:

11.1.2 Foydalanuvchining elektron hamyoniga kelib tushgan pul mablag‘laridan imkoniyati mavjud bo‘lgan pul o‘tkazmalarini amalga oshirish va erkin foydalanish.

11.1.3 Davlat boshqaruv organlaridan ushbu Oferta shartlari asosida xizmat ko‘rsatishni talab qilish.

11.1.4 Platformani foydalanish jarayonida yuzaga kelgan masalalar va texnik nosozliklar yuzasidagi savollar bo‘yicha:

Yagona +99871 200-00-88 “tezkor aloqa” raqami orqali bog‘lanish;

info@motas.uz elektron pochtasi orqali taklif va eʼtirozlarni yo‘llash;

Davlat boshqaruv organlariga yozma tarzda so‘rovlar yuborish orqali maslahat olish.

 

 

 

Umumiy majburiyatlar:

11.1.5 Davlat boshqaruv organlari foydalanuvchilarga tegishli shaxsiy va antropometrik maʼlumotlarni (Sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlarning so‘rovlari bundan mustasno) uchinchi shaxsga taqdim etmasligiga va uni saqlanishiga majburdirlar.

11.1.6 Platformada texnik uzilishlar yuzaga kelgan hollarda, Davlat boshqaruv organlarini bu haqida elektron aloqa vositasida (Platformaning xabarnoma funksiyasi, elektron pochta xabari, SMS yoki boshqalar orqali) zudlik bilan xabardor qiladilar.

11.1.7 Foydalanuvchi bir taraflama (o‘z xohishiga ko‘ra) Platformadagi shaxsiy kabineti va/yoki o‘zining akkauntini o‘chirish orqali ushbu Ofertani bajarishdan bosh tortish (yoki bekor qilish)(bunda 9.5 band istisno tariqasida o‘z kuchida qoladi).

11.1.8 Turizm va sport vazirligi:

- Platformada ro‘yxatdan o‘tgan va undan foydalangan foydalanuvchilar sonini hamda ularning sport natijalarini (keyingi o‘rinlarda – sport natijalari deb yuritiladi) kuzatib borishga;

- har chorak yakunida tashkilotlar xodimlarining sport natijalari reytingini shakllantirish va g‘oliblikka munosib nomzodlarni tanlashga;

- sport natijalariga oid masalalar yuzasidan axborot-tahliliy maʼlumotlarni tayyorlashga;

- reyting baholashning mazkur Oferta va nizom talablarini amalga oshirilishi bo‘yicha hududiy jismoniy tarbiya va sport tashkiloti tomonidan nazorat qilib borishga majbur.

11.2 Taraflar O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlari va ushbu Ofertada ko‘rsatilgan huquqlarga ega bo‘ladilar va javobgar hisoblanadilar. Jumladan, Davlat boshqaruv organlari O‘zbekiston Respublikasining Qonun hujjatlari, Oferta va nizomda ko‘rsatilgan boshqa sabablarga ko‘ra, foydalanuvchilarga Platformaga kirishni/ulanishni hamda rag‘batlantirish bo‘yicha pul mablag‘larini o‘tkazishni tushuntirishlarsiz rad qilish huquqiga ega.

11.3 Davlat boshqaruv organlari tomonidan Platformaga taalluqli bo‘lgan texnik va siyosiy o‘zgartirishlar kiritilsa hamda mazkur Oferta talablari O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligiga zid keladigan bandlari aniqlansa, unga tegishliligicha o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish huquqiga ega.

12. Pul mablag‘lari bilan rag‘batlantirishlar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 28 apreldagi 253-son qarorida belgilangan ““Sog‘lom turmush tarzi” platformasi faoliyatini tashkil etish tartibi to‘g‘risida” nizomga muvofiq amalga oshirilib boriladi.

13. Fors-major holatlari Ofertani shartlarini bajarilishini imkonsiz qilib qo‘ysa, bunda:

- pul mablag‘larining yo‘qligi yoki yetarli emasligi fors-major holatlari hisoblanmaydi;

- zilzila, suv toshqini va shu kabi favqulodda vaziyatlar va holatlar bo‘yicha texnik jihatlama nosozliklar fors-major holatlari sifatida tan olinadi;

- har qanday Fors-major holatlari yuzaga kelganda, Davlat boshqaruv organi 5 (besh) ish kuni davomida foydalanuvchini Fors-major holati yuzaga kelganligi to‘g‘risida elektron shaklda xabardor qiladi.

14. Ushbu Oferta talablarini bajarishda yuzaga keluvchi nizolar va kelishmovchiliklar Taraflarning o‘zaro muzokaralar olib borish yo‘li bilan hal etiladi.

Nizolarni Taraflarning muzokaralar olib borish yo‘li bilan hal etib bo‘lmasa, qonun hujjatlarida belgilangan kelishmovchiliklarni sudgacha hal qilish tartib-taomillari bajarilgandan so‘ng, ular tegishliligicha Iqtisodiy, Jinoiy, Fuqarolik sudlarining birini muhokamasiga beriladi.

15. Ushbu Ofertaning talablariga rioya etilishini nazorat qilish hamda tartibga solinmagan barcha masalalar O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi va tartibga solinadi.

16. Ushbu Ofertaning talablarini buzgan Taraflar O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlikka tortiladi.